Botxona

Xavfsizlik

Ko'plab botlar bitta platformada ishlaganda, eng katta xavf — bitta bot boshqasiga yoki serverning o'ziga ta'sir qilishi. Botxona buni bir necha qatlamli himoya bilan oldini oladi.

Konteyner izolyatsiyasi

Har bir bot alohida Docker konteynerida, o'z tarmog'ida ishlaydi — standart holatda internetga to'g'ridan-to'g'ri chiqolmaydi, faqat Telegram API'ga proksiy orqali murojaat qiladi. Konteyner non-root foydalanuvchi ostida ishlaydi, fayl tizimi faqat DATA_DIR papkasiga yozishga ochiq, qolgani — faqat o'qish uchun. Har bir bot uchun CPU va RAM tarifga qarab cheklangan, shuning uchun bitta bot boshqalarning resursini "yeb qo'ya olmaydi".

Shifrlash

Bot tokeni, .env sozlamalari va zaxira fayllari AES-256-GCM bilan shifrlanadi. Asosiy kalit faqat serverning o'zida saqlanadi; har bir bot uchun alohida kalit undan hosil qilinadi (bitta botning kaliti boshqasiniki bilan mos kelmaydi).

Analitika — shaxsiy ma'lumotsiz

Analitika faqat chaqiruvlar soni, xatolar va javob vaqtini yig'adi — foydalanuvchi yuborgan xabar matni hech qachon saqlanmaydi. Statistikada foydalanuvchi identifikatori ham xeshlanган holatda ishlatiladi.

Suiiste'molga qarshi tekshiruv

Yuklanayotgan har bir kod xavfsizlik skaneridan o'tadi (shubhali chaqiruvlar, oshkor tokenlar). Jamoat sahifasidagi har bir botda "Shikoyat qilish" tugmasi bor — firibgarlik, fishing, spam, qimor yoki noqonuniy kontent haqida xabar berish mumkin; bunday holatlar administratorlar tomonidan ko'rib chiqiladi va bot to'xtatilishi mumkin.

Zaxiralash

Har kuni soat 03:00da (Toshkent) faol botlar uchun avtomatik zaxira olinadi, tarifga qarab 7–30 kun saqlanadi. Zaxira fayllari ham shifrlangan holda saqlanadi, tiklashdan oldin joriy holat avtomatik "pre-restore" zaxirasi sifatida saqlab qo'yiladi.

Webhook va so'rovlar

Botlar Telegramdan yangilanishlarni long polling orqali oladi — bu degani, botingiz tashqi dunyoga port ochmaydi, faqat o'zi Telegram tomon so'rov yuboradi. Bu sozlashni soddalashtiradi va hujum yuzasini kamaytiradi.

Texnik tafsilotlar ko'proq qiziqtirsa — Qanday ishlaydi sahifasiga qarang. Narxlar va tariflar: Narxlar. Savol-javob: FAQ.